Xorijga ketayotgan ayollar

Vahshiylik qurboni

Yaqinda televideniye orqali berilgan bir noxush xabar qalbimni larzaga soldi. Aytilishicha, bu fojia Andijon viloyatining Asaka tumanida ro‘y beradi. Murosasi kelishmay eri bilan ajrashgan ayol Firdavs ismli uch yoshli o‘g‘lini hali onalik baxtiga erishmagan qizga qoldirib, o‘zi ishlash uchun xorijga ketadi. Biroq u ishongan enaga kichkintoyning o‘ziga xos erkaliklari va xarxashalariga chidolmaydi. Oxir-oqibat uni shu yil 4 aprel kuni o‘tkir va og‘ir jismlar bilan ayovsiz kaltaklaydi. Murg‘akkina vujudi jiddiy jarohatlangan Firdavs hushidan ketadi va 15 soat qarovsiz yotadi. Diydasi qattiq enaga kasalxonaga olib borganida esa, u allaqachon jon bergan edi…

Tabiiyki, bu mudhish qotillik jazosiz qolmadi. Jabrlanuvchining badaniga og‘ir shikat yetkazib, uning umriga zomin bo‘lgan 23 yashar enaga Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 3-qismi, “d” bandi bilan ko‘ra aybdor deb topildi. Sud tomonidan unga uzil-kesil o‘tash uchun 9 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Ehtimol, kechirilmas xatoga qo‘l urgan bu ayol bir kun ozodlikka chiqar, lekin vijdon azobidan qutularmikin? El-yurt orasida bemalol bosh ko‘tarib yura olarmikin? Balki turmush qurib, farzandlar ham ko‘rar, ammo har gal ularni qo‘liga olganida o‘zining vahshiyligi qurboniga aylangan bolakayni ko‘z o‘ngiga keltirib, ich-ichidan zil ketmasmikin?..

Xo‘sh, o‘sha go‘dakning onasi-chi? U nega hali o‘zining mehriga to‘ymagan va suyagi qotmagan jigarbandini birovga qoldirib, uzoq safarga otlandi? Maoshi kamroq bo‘lsa-da, o‘zimizda ishlasa bo‘lmasmidi? Boringki, xorijda ko‘proq pul topish imkoni katta bo‘lgan taqdirda ham o‘g‘lini bemavrid chirqillatmay, o‘zi bilan olib ketgani ma’qul emasmidi?

Ana shular haqida o‘ylaganingizda onadan ham, enagadan ham beixtiyor nafratlanasiz, ular ayollik sha’niga dog‘ tushirishganidan qattiq afsuslanasiz. Ayni chog‘da, “Bolaning otasi qayda edi? Mahalla-ko‘y qayoqqa qaradi?” degan savollarga javob izlaysiz. Sudda marhum bolakayning biror-bir yaqini, loaqal onasi ham qatnashmaganidan ajablanasiz. Keyin esa bunga o‘xshash noxush hodisalarning tub sabablari haqida chuqur o‘yga tolasiz…..

Chaqaloqlar savdosi ko‘paymoqda

Oliy Majlis Senati Axborot xizmati bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-2020 yillarda odam savdosiga bog‘liq jinoyatlar 2018 yilgiga nisbatan kamaygan bo‘lsa-da, ular orasida chaqaloqlarni sotishga daxldorlari yuqoriligicha qolmoqda.

Xususan, 2018 yilda sodir etilgan ayni turdagi jinoyatlarning 38 foizini chaqaloqlar savdosi tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 43 foizga yetgan. Bundan tashqari, odam savdosiga taalluqli murojaatlarni qonuniy hal etish, bu jinoyatlarning aniqlanishi va sudlarda ko‘rilishi, jazo muqarrarligi tamoyili ta’minlanishi mexanizmi samarali yo‘lga qo‘yilmagan. 2019 yilda kelib tushgan odam savdosi jinoyati haqidagi 710 ta murojaatdan atigi 94 tasi, ya’ni 13 foizi bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

O‘zbeklar bola sotmagan…

Ikkinchi jahon urushi yillarida toshkentlik Shomahmudovlar oilasi turli millatga mansub 15 nafar yetim bolani asrab olib tarbiyalagani marhum rejissyor Shuhrat Abbosov yaratgan “Sen yetim emassan” badiiy filmida yorqin ifodasini topgan. Bu kinoasarda o‘zbek millati va o‘zbek oilasining o‘ziga xos betakror xarakteri, ayniqsa, bolajonligi keng ochib berilgan.

Zero, xalqimiz asrlar osha milliy qadriyatlarini va xayrli an’analarini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab kelgan, ularga zarracha gard yuqtirmagan. Eng qiyin va qaltis damlarda ham insoniylik tamoyillariga putur yetkazmagan. Inchunin, o‘sha urush va qahatchilik yillarida ham mehribonlik uylarida bolalar kam bo‘lgan.

Hayotimiz tinch, turmushimiz farovon, dasturxonimiz to‘kin-sochin bo‘lgan bugungi kunda esa goh u yerda-goh bu yerda bolalar zug‘umga uchragani yoxud sotilgani to‘g‘risidagi xabarlarni eshitib yoki o‘qib qolamiz. Bunday paytlarda quyidagi achchiq savollar vijdonimizni qiynaydi: “Biz – o‘zbeklar uchun bola sotish aslida or emasmi? Bunday qabih jinoyatga qo‘l urish o‘z bolasiga xiyonat qilish, uning haq-huquqlarini beayov toptash emasmi?..” Javobi aniq: albatta, shunday!

Mahallalarda nima gap?

Bugun ishlash uchun xorijga yo‘l olayotgan ayollarga tegishli dalillar kishini qattiq tashvishga soladi. Davlat statistika qo‘mitasi Axborot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, 2019 yilning so‘nggi to‘rt oyi davomida 40 mingga yaqin fuqaro chet elga ishlash uchun ketgan. Ularning 48,3 foizini xotin-qizlar tashkil etgan.

— Butun dunyoda koronavirus pandemiyasi avj olgan paytda birgina Toshkent viloyatidan xorijga ketgan 7 ming nafarga yaqin ayol olib kelindi, – deydi ushbu viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasining Bandlikka ko‘maklashish va tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish masalalari bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i Barno Hamidova.
— Shundan 2 mingdan ziyodi doimiy ish bilan ta’minlandi. Oilaviy sharoitiga ko‘ra ishga joylasha olmagan ayollar uchun esa talay imkoniyatlar yaratildi.

Masalan, mehnat va bandlik bilan ta’minlash tashkilotlari orqali davlatimiz ajratgan subsidiyalarni olib, yakka tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yganlari ham bor. Ko‘plab oilalarga pul ajratilib, issiqxonalar qurib berildi, shuningdek, suv bilan ta’minlandi. Eng kam ish haqining bir baravari miqdorida soliq puli to‘lagan ayollarning mehnat daftarchasiga bir yillik ish staji yozilmoqda. O‘zini-o‘zi band qilgan xotin-qizlar ham xuddi shunday imtiyozga ega bo‘lishmoqda. Xullas, hozir mahallalarda boshqa mamlakatlarga ishlash uchun boradigan ayollar soni keskin qisqargan. Ketganlari ham qaytish taraddudida.

Kasallikni davolashdan ko‘ra, oldini olgan ma’qul!

2020 yilning may oyigacha 2 nafar chaqaloq savdosi aniqlangan va aybdorlar sud hukmiga binoan qilmishlariga yarasha jazoga tortilganlar. Ammo bo‘lar ish bo‘lib, bo‘yog‘i singandan keyin bunday choralar qo‘llagandan ko‘ra, ayni turdagi jinoyatlarning oldini olgan ma’qulroq. Buning uchun esa, go‘dagini sotgan yoki xorijga ketishidan avval bolasini birovlarga topshirib ketayotgan ayollarning yashash sharoitini har tomonlama chuqur o‘rganish darkor. Avvalo, dilbandini sotishga chog‘langan onaning psixologik sog‘lomligini, ijtimoiy ahvolini tahlil qilish, u bilan individual tarzda gaplashish, muammolarini bartaraf etish choralarini izlash zarur. Ishsizlik va pulsizlik esa ayollarni o‘z jigargo‘shasini sotishgacha olib bormasligi kerak.

Umuman olganda, hozirgi kunda og‘ir ahvolda qolgan yoki farzandlarini yolg‘iz o‘zi boqib va tarbiyalab, voyaga yetkazayotgan ayollarga amaliy jihatdan ko‘maklashish, ularni ish bilan ta’minlash uchun barcha zarur chora-tadbirlarni ko‘rishimiz shart.

Ma’mura QALANDAROVA

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: