Xotira bongi

Hayot kecha, bugun va erta degan uchta dovondan iborat. Inson ularni ildam qadamlar bilan bosib o‘tganiga qaramay, ba’zida ro‘y bergan voqealar qalbidagi xotira dengizini doimo chayqaltirib, mavjlantirib va to‘lqinlantirib turadi.

Ana shunday olamshumul, ammo dahshatli voqealardan biri sho‘rolar tuzumi davrida ro‘y bergan va yuz minglab begunoh vatandoshlarimizni o‘z komiga tortgan siyosiy qatag‘onlardir. Agar o‘tgan asrning 37-yilida boshlanib, 80-yillar nihoyasida “paxta ishi” bilan yakunlangan siyosiy kampaniyalardan avval bo‘lib o‘tgan, aniqrog‘i, rus istilochiligi, milliy ozodlik qo‘zg‘olonlarining bostirilishi paytlarida to‘kilgan daryo-daryo qonlarni ham eslasak, qalbimizdagi Xotira bongi doim faryod urib turgandek bo‘ladi.

Ona Vatan sarhadlarida to‘kilgan qonlar qanchalik ko‘p bo‘lmasin, 1937 yil qonxo‘r mustamlakachi davlatning timsoli bo‘lib qoldi. SSSR Ichki ishlar xalq komissari N.Ejov o‘sha yil 30 iyulda imzolagan “Sobiq quloqlar, jinoyatchilar va boshqa g‘ayrisho‘roviy unsurlarni qatag‘on qilish operatsiyasi to‘g‘risida”gi buyruq bilan 10 avgustda O‘zbekistonda qatag‘on mashinasi ishga tushirildi. SSSR Ichki ishlar xalq komissarligi (NKVD)ning respublika, viloyat va shahar idoralari o‘rtasida qizg‘in musobaqa boshlandi. U paxta yoki bug‘doyni ko‘proq topshirishga emas, asosan “xalq dushmanlari”ni tutish va qamashga yo‘naltirildi. “Qora tamg‘a”ga giriftor bo‘lganlarning rafiqalarini, hatto norasida farzandlarini ham temir panjarali maskanlarga quvg‘in qilishdi. Bu – insoniyat tarixida misli ko‘rilmagan jinoyat tantanasi edi.

Dastlabki xomaki rejalarga ko‘ra, O‘zbekistondan birinchi kategoriya bo‘yicha 750 kishi, ikkinchi kategoriya bo‘yicha 4 ming kishi qamoqqa olinib, birinchi kategoriyadagilar otilishi, ikkinchi kategoriyadagilar esa 8-10 yillik qamoq jazosiga hukm qilinishi kerak edi. Ammo bu reja 30 sentyabrda qayta ko‘rilib, birinchi kategoriya bo‘yicha 4 ming 750, ikkinchi kategoriya bo‘yicha 8 ming kishi, jami 12 ming 750 kishi qamoqqa olinishi belgilangan.

Sobiq SSSRning mustabid hukmdori Stalinning g‘ayriilmiy “nazariya”siga binoan, mamlakatda sotsialistik qurilish ishlari keng ko‘lam kasb etishi bilan sinfiy kurash ham kuchayib, jadallashib boradi. Shuning uchun ham uning “sinfiy” nafrati, avvalo, sobiq quloqlarga qaratildi. O‘zining buyrug‘i bilan 1937 yil 5 avgustdan boshlab O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston respubliklarida sobiq quloqlarni hibsga olish kampaniyasi boshlanishi va 4 oy mobaynida ular qatori boshqa g‘ayrisho‘roviy unsurlar ham qamoqqa olinishi lozim edi.

“Yangi tashabbus”ga muvofiq, Omsk viloyati NKVD boshqarmasi boshlig‘i G.Gorbach N.Ejovga murojaat qilib, undan ushbu viloyatda 1 ming emas, balki 8 ming kishini qamoqqa olish uchun ruxsat berishini so‘raydi. N.Ejov bu iltimosni Stalinga yetkazadi. U esa “O‘r. Yejovga. limitni 8 mingga ko‘tarishga roziman. I.Stalin”, deb imzo chekadi. Qarabsizki, butun mamlakat bo‘ylab qamoqqa olinadiganlar sonini sakkiz baravarga ko‘paytirish harakati avj olib ketadi.

Stalin ittifoqdosh respublikalarning NKVD organlarida xizmat qilgan milliy kadrlarga mutlaqo ishonmagan. Shu bois O‘zbekiston NKVDsining boshlig‘idan tortib, bo‘lim xodimlarigacha – hammasi chetdan keltirilgan. Ular o‘rniga boshqa millatlarga mansub kimsalar tayinlangan. Ustiga-ustak barchasiga katta siyosiy vakolatlar berilgan. Ular uchun O‘zbekiston kompartiyasi va hukumati rahbarlari ham, yirik olim yoki yozuvchilar ham 1937 yilning oddiy qurbonlari hisoblangan. Jahon tamadduni taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan millatga nisbatan bunday sharmandali munosabat 1937-1938 yillarda qizg‘in tus oldi va o‘zbek ziyolilarining aksariyati qirilib ketishiga sabab bo‘ldi.

Xorijlik tarixchi olimlar o‘tgan asrning 30-50-yillarida qatag‘on kampaniyasidan ozor chekkan SSSRni “GULAG imperiyasi” sifatida talqin etib kelishadi. “GULAG” ruscha “Glavnoye upravleniye lagerey” so‘zlaridan tarkib topgan atama bo‘lib, “Lagerlar saltanati” – “Davlat ichidagi davlat” degan mudhish ma’nolarni anglatadi. Kimki xorijda chop etilgan “Kommunizmning qora kitobi”ni ko‘rgan bo‘lsa, undan o‘rin olgan SSSR xaritasida lager va qamoqxonalari mahbuslar bilan to‘lib-toshmagan biror o‘lka, biror shahar, biror “borsa-kelmas” joy qolmaganidan hayratga tushadi. Zero, Lenin va Stalin asos solgan bolsheviklar partiyasi SSSRni millionlab odamlar azob-uqubat chekkan “Lagerlar saltanati”ga aylantirgan edi.

1980 yillarga qadar GULAGga taalluqli rasmiy statistika o‘ta maxfiy hisoblangan. Tadqiqotchilarning GULAG arxivlariga kirishi qat’iyan taqiqlangan. Arxivlar ochilganidan so‘ng rasmiy raqamlardan foydalanish imkoniyati tug‘ilgan. Ammo GULAG statistikasi mukammal emasligi, turli bo‘limlar tomonidan berilgan ma’lumotlar bir-biridin keskin farqlanishi ayon bo‘ldi.

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, OGPU-NKVD tizimidagi barcha lager, qamoqxona va koloniyalarda 1930-1956 yillarda, ya’ni bir vaqtning o‘zida 2,5 milliondan ortiq kishi saqlangan. 1990 yillar boshlarida Rossiyadagi yetakchi arxivlar, avvalo, Rossiya Federatsiyasi Davlat arxivi (sobiq SSSR SGAOR) va Rossiya sotsial-siyosiy tarix markazi (sobiq IML SPA)dagi arxiv hujjatlari e’lon qilingach, ayrim tadqiqotchilar 1930-1953 yillarda mehnat-tuzatuv koloniyalarida o‘rtacha olti million kishi bo‘lgan, shundan 1-3 millioni siyosiy mahbuslar sanalgan, degan fikrga keldilar.

Alqissa, SSSR OGPU-NKVD-MVD tomonidan berilgan rasmiy arxiv ma’lumotlariga asoslanib aytish mumkinki, 1920-1953 yillarda GULAGda quldorlik tizimi unsurlari sifatida o‘tirgan mahbuslar soni 10 milliondan, aksilinqilobiy jinoyatlarda ayblanganlar soni esa 3-7 milliondan kam bo‘lmagan.

Shu davrda e’lon qilingan ma’lumotlar bo‘yicha GULAG tizimidagi mahbuslarning milliy tarkibi 1939 yilning 1 yanvarida quyidagicha bo‘lgan:

Ruslar – 830 491 (63,05 %)
Ukrainlar – 181 905 (13,81 %)
Beloruslar – 44 785 (3,40%)
Tatarlar – 24 894 (1,89 %)
O‘zbeklar – 24 499 (1,86%)
Yahudiylar – 19 758 (1,50%)
Nemislar – 18 572 (1,41%)
Qozoqlar – 17 123 (1,30%)
Polyaklar – 16 860 (1,28%)
Gruzinlar – 11 723 (0,89%)
Armanlar – 11 064 (0,84%)
Turkmanlar – 9 352 (0,71%)
Boshqa millatlar – 8,06%

Endi GULAG lagerlari va koloniyalaridagi mahbuslarning 1951 yil 1 yanvardagi milliy tarkibi bilan tanishing:

Ruslar – 1 405 511 (805 995/599 516 – 55,59%)
Ukrainlar – 506 221 (362 643/143 578 – 20, 02%)
Beloruslar – 96 471 (63 863/32 608- 3,82%)
Tatarlar – 56 928 (28 532/28 396 – 2,25%)
Litvaliklar – 43 016 (35 773/7 243 – 1.70%)
Nemislar – 32 269 (21 96/11 173 -1,28%)
O‘zbeklar – 30 029 (14 137/15 892 – 1,19%)
Latishlar – 28 520 (21 689/6 831 -1,13%)
Armanlar 26 764 (12 029/14 735 – 1,06%)
Qozoqlar – 25 996 (12 554/13 352 – 1,03%)
Yahudiylar – 25 425 (14 374/11.051 – 1,01%)
Estonlar – 618 (18 185/6 433 – 0,97%)
Ozarbayjonlar – 23 704 (6 703/17 001 – 0,94%)
Gruzinlar – 23 583 (6 968/16 615 – 0,93%)
Polyaklar – 23 527 (19 184/4 343 – 0,93%)
Moldavanlar – 725 (16 008/6 717 – 0,90 %)
Boshqa millatlar – 5% ga yaqin.

Ko‘rib turibsizki, GULAG lagerlaridagi o‘zbeklar soni Kavkaz va O‘rta Osiyoda istiqomat qilgan boshqa xalqlarga mansub mahbuslar soniga nisbatan ko‘p bo‘lgan.

O‘zbekistoning Birinchi Prezidenti Islom Karimov 1999 yil 12 mayda “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuining ochilish marosimida nutq so‘zlab, jumladan, bunday degan edi:

“Aziz yurtdoshlar!

Jafokash xalqimiz asrlar davomida ne-ne og‘ir sinovlar, mashaqqatli kunlarni ko‘rmadi. O‘z ozodligi, erkinligi, tinch hayoti yo‘lida kurashib, behisob qurbonlar bergan ota-bobolarimiz jasorati tarixiy xotiramizdan hech qachon o‘chmaydi. Ayniqsa, mash’um 1937-1953 yillarda sodir etilgan bedodlikni tasavvur etish uchun O‘zbekiston bo‘yicha qariyb 100 ming kishi qatag‘onga uchrab, 13 ming nafari otib tashlanganini eslash kifoya”.

Mustamlakachilik davri qurbonlari xotirasini o‘rganishga kirishilgan 1999 yilda hali NKVD-KGBning “temir sandiqlari” to‘liq ochilmagan, binobarin, 30-50-yillardagi qatag‘onlar davrida qancha vatandoshlarimiz otib tashlangani, qanchasining xoki GULAG lagerlarida qolib ketgani ma’lum emas edi. Bu masala, afsuski, hozir ham oydinlashgani yo‘q. Yoki aytaylik, 2005 yildan nashr etilishi yo‘lga qo‘yilgan “Repressiya. 1937-1938 gg.” to‘plamlariga O‘zSSR NKVDsi qoshidagi Uchlik yig‘ilishining protokollari ham kiritilayotgandi. Bu hujjaatlar bizgacha to‘liq yetib kelmagan bo‘lsa-da, 1937-1938 yillardagi qatag‘on tarixiga nur socha boshlagandi. Afsuski, ma’lum sabablarga ko‘ra, bu ish ham davom ettirilmay qoldi.

Yurtimizdagi qatag‘on yillarida qancha vatandoshlarimizning yostig‘i quriganini tasavvur hosil qilish uchun quyidagi dalil bilan tanishish o‘rinli. O‘zbekiston Kompartiyasining birinchi kotibi Akmal Ikromov “xalq dushmani” deb e’lon qilingandan so‘ng respublikadagi barcha viloyat, shahar va tuman partiya tashkilotlarining kotiblari, chunonchi, Samarqand viloyatidagi Jomboy tumani partiya tashkilotining birinchi kotibi Ziyo O‘lmasboyev va unga aloqador 56 kishi qamoqqa olingan. Birgina mana shu dahshatli faktdan kelib chiqadigan bo‘lsak, 1937-1938 yillarning o‘zidayoq 100 ming nafardan ziyod ota-bobolarimiz GULAG lagerlarida azob-uqubat chekkani ayonlashadi.

Eng ajablanarlisi, Stalin Akmal Ikromovga nisbatan iliq munosabatda bo‘lgan. Shu bois 1937 yilda u birinchilar qatori qamoqqa olingani zamondoshlarida gumon tuyg‘ularini uyg‘otgan. A.Ikromovning ishi bo‘yicha tergov tafsilotlari bilan tanishgan taniqli davlat arbobi Nuriddin Muhiddinov “Kremlda o‘tgan kunlarim” kitobida shunday hikoya qiladi:

“Majlis bayoni bilan tanishib chiqqach, Pyotr Nikolayevich (Pospelov – N.K.)dan so‘radim:

Nima sababdan Kaganovich, Beriya, Yejov, Mikoyanlar Stalin ijobiy fikr bildirganiga qaramasdan, uni otib o‘ldirish haqidagi fikrlarga qattiq yopishib oldilar?

Ular, – deb javob berdi u, – aftidan, Ikromovni o‘ldirishdan manfaatdor edilar”.

Pospelovning bu so‘zi 1937-1938 yillarda sodir bo‘lgan ko‘p masalalarga oydinlik kiritadi.


Hozir mamlakatimizda o‘zbekistonlik qatag‘on qurbonlarining Xotira kitobini yaratish masalasi kun tartibiga qo‘yilgan va bu xayrli ishga jiddiy kirishilgan. Shu o‘rinda ikkita masalaga alohida e’tibor qaratish talab etiladi. Birinchidan, Rossiyadagi OGPU-NKVD-MVD arxivlarida ishlab, O‘zSSR NKVDsi qoshidagi Uchlik yig‘ilishlari protokollarini, ikkinchidan, Rossiya, Ukraina, Belarus va Qozog‘istonda nashr etilgan xotira kitoblarini o‘rganib, ularda qayd etilgan vatandoshlarimiz ism-shariflarini Xotira kitobiga kiritish lozim.

Naim KARIMOV,
akademik

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: