Xurshid Do‘stmuhammad: Oshkora bo‘lsin, tanqid, tahlil qilsin, faqat haqoratga, shaxsga o‘tmasin

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida O‘zbekiston xalqaro media imijining kognitiv aspektlari: nazariya va amaliyot mavzusida onlayn konferentsiya o‘tkazildi.

Unda dastlab so‘zga chiqqan f.f.d. Oliy Majlis deputati Xurshid Do‘stmuhammad nutqida OAVning mamlakat imijini shakllantirish va rivojlantirishdagi o‘rni haqida to‘xtaldi.

Global miqyosdagi imij haqidagi fikrlarimizni bir chetga suraylikda, fe’limizdagi xususiyatdan kelib chiqaylik, mentalitetimizda avvaldan «men» deb ko‘kragiga urish yaxshi baholangan emas, mam-manlik deya talqin qilingan. Imij nuqtai nazaridan olib qarasak, aytishga arzigulik ish qildingmi ayt.

O‘zbekistonning 30 yillik mustaqillik davrini oladigan bo‘lsak, avvalgi rahbarimiz ham, rahbariyat ham O‘zbekiston haqidagi ijobiy fikrga muhtoj edi. Qaysidir chet eldagi nashrda O‘zbekiston haqida biror yaxshi gap chiqsa xursand bo‘lib ketamiz. Paxtamizni maqtaydimi, olimimizni maqtaydimi bu davlatning imijidek qabul qilinar edi. Turlari ko‘p: davlatni, millatni, sohalarni, turizm, ishlab chiqarishning imiji.

Keyingi 4 yillikni olaylik. O‘zbekistonning davlat tizimi, boshqaruvida muayyan o‘zgarishlar bo‘ldimi, yo‘qmi? Xolis aytaylik, menimcha o‘zgarishlar kerakli darajada bo‘lyapti va tan olinyapti.

Ijobiy imij bor, salbiy «imij» bor.

Eng nozik masala xolislik masalasi. Jurnalistlar, OAV xodimlari o‘zlarining tanqidiy chiqishlari bilan ham imij yaratishga xizmat qiladi. Odam turli yoshda axborotni turlicha qabul qilar ekan, o‘zimni boshimdan o‘tib turibdi. Negativ axborotlar ko‘paydi, ko‘rsam, o‘qisam kayfiyatim buziladi. Pandemiya sharoitida chiqqan xabarlarni ko‘rib, ommaviy kommunikatsiyani ko‘rib xalqimiz kommunikatsiya madaniyatida anchayin uzoq ekan degan xulosaga keldim. Oshkora bo‘lsin, tanqid, tahlil qilsin, mayli nima deb yozsin, faqat haqoratga o‘tmasin, shaxsga o‘tmasin. Bizda keng ommada bir odat bor, rasmiy lavozimdagi odamning chiqishidan bitta so‘zni tutib olamizda sharmanda qilish tomoniga o‘tib olamiz. Tanqid qilish mumkin, lekin yerga urishga, mulzam qilishga haqqi yo‘q – deydi Xurshid Do‘stmuhammad.

Shuningdek, anjumanda davlat imiji masalasiga doir yangi yondashuvlar, davlat boshqaruvi organlari axborot xizmatlarining xalqaro jurnalistlar va OAV bilan ishlash masalalari muhokama qilindi.

Inobat AHATOVA,
Xalq so‘zi

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: