«Yangi turmush»ning eski yumushlari qachon tugaydi?

Botga yozishmoqda

Men Toshkent viloyati Piskent tumani «Yangi turmush» qishlog‘idan Alimat Yo‘ldoshov bo‘laman. Maktubni qishloqdoshlarim nomidan yo‘llamoqdaman. Qariyb o‘n yildan beri qishlog‘imizni tuman Davlat dasturiga kiritish to‘g‘risidagi bong urushlar nihoyat tindi. Mutasaddilardan hanuzgacha jo‘yali javob ololmadik. Biz istiqomat qilayotgan qishloq «Fayzabod» mahallasiga qarashli. Har tugul u yerda o‘tgan yili «Obod qishloq» Davlat dasturi amalga oshirildi. Biz esa shu mahalla tarkibiga kirsak-da, negadir dasturdan chetda qoldik.

Hududimizdagi muammolarni ko‘pligidan qay birini tilga olishga hayronman. Yozmagan joyimiz, taqqillatmagan eshigimiz qolmadi. Qishlog‘imizning nomiga nomunosibligi mana o‘z isbotini topmoqda. Bir necha marotaba markaziy gazetalar sahifasini bezadik. Shundan so‘ng 6 chaqirimlik abgor yo‘lning atiga 1,5 km asfalt qilindi-yu, qolgani «tuya go‘shti» yeb qolaverdi.

Achinarlisi, mutasaddilar va’dalarni berishayotganida, yo «bug‘doy o‘rimidan so‘ng» yoki «paxta terimidan so‘ng bajaramiz», deyishardi. G‘alla o‘rimida necha o‘nlab tirkamalarning baloni yorildi. Yengil avtomobillar yo‘l «terish» bilan ovora. Nahotki, murojat qilishdan biz charchamasak, yolg‘on va’dalardan ular toliqishmasa, qachon masala hal bo‘ladi. Hashar yo‘li bilan bu yil ham chuqurlarga shag‘al to‘ldirgandik. Tuman yo‘l qurilish bo‘limidan kelgan xodimlar chuqurni shag‘allardan tozalab ketishdi.

Mana yigirma kundirki, ulardan darak yo‘q. «Tuya go‘shti» yegan yo‘limiz, bitmay «beli bukilgan» maktabimiz, har kuni o‘nlab kasallarni dardiga guvoh, na shifokor, na hamshira eshigini taqqillatmagan «med punki»timiz yordamga muhtoj. Yozning yarmi o‘tdi. Qishning qirchillamasida yo‘lning ming azobiga bu yil bardosh berishimiz dargumon…

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: