Yaxshi tashabbusni “Xo‘jam ko‘rsin”ga aylantirmaylik

Ma’lumki, joriy yilning iyun-avgyst oylarida respublikamizning barcha mahallalarida xonadonlar va ko‘chalarni obod hamda ko‘rkam qilish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Vazirlar Mahkamasining tegishli bayoniga ko‘ra, bu tadbir “Jonajon yurtim obodligiga o‘z hissamni qo‘shaman!” shiori ostida o‘tmoqda.

Taassufki, “Obod mahalla — obod ko‘cha — obod xonadon” tamoyili asosidagi ushbu tashabbus boshlab yuborilganiga yarim oydan oshgan bo‘lsa-da, ayrim mutasaddilar masalaga jiddiy e’tibor qaratmayapti. Natijada joylarda talay kamchiliklar ko‘zga tashlanmoqda. Ba’zi hududlarda bu borada yaqqol sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda.

Yaqinda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligida mahallalarda “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” mezonlarini amaliyotga joriy etish jarayonida uchrayotgan muammolarni bartaraf qilishga qaratilgan videoselektor yig‘ilishida aynan shunday kamchilik va nuqsonlar keskin tanqid qilindi .

Ma’lum bo‘lishicha, Buxoro viloyatining Buxoro, Qorako‘l, Romitan, Peshku tumanlari va Buxoro shahriga Harakatlar rejasi bayoni va huquqiy hujjatlar haligacha yetib bormagan. Nuroniylar jamoatchilik kengashlarining aholiga murojaati esa Buxoro tumanidagi “Shergaron”, Qorako‘l tumanidagi “Xo‘jalar” mahallalariga, Romitan tumanida esa birorta ham mahallaga yetkazilmagan. Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Toshkent, Navoiy viloyatlari hamda Toshkent shahridagi ko‘cha va xonadonlarni obodonlashtirish borasida olib borilayotgan ishlar talab darajasida emas. Masalan, shu vaqtga qadar Payariq tumanida 1 ta, Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida 3 ta, Yakkasaroy tumanida 5 ta, Quva tumanidagi mavjud 65 ta mahallada 10 kun mobaynida bor-yo‘g‘i 29 ta xonadon ta’mirlangan, xolos. Buxoro viloyati Buxoro tumanidagi “Shergaron”, Romitan tumanidagi “Zarafshon”, Peshku tumanidagi “Quchoq”, Buxoro shahridagi “To‘qimachi” mahallalarida birorta xonadon ta’mirlanmagani mas’ullarning “Ko‘cha xandon, ko‘lankasi maydon” ekanini ko‘rsatadi.

Aslida, rejaga muvofiq, bir kunda bitta mahallada bitta xonadon ta’mirlab borilsa, respublika bo‘yicha bir kunda 9 145 xonadon ta’mirlanishi kerak. Taassufki, ayni jarayonda ko‘zbo‘yamachilik bilan “xo‘jam ko‘rsin” uchun ishlayotgan ayrim mutasaddilarning boqi beg‘amligi ortidan ishlar sur’ati sust. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Botir Parpiyevning ta’kidlashicha, “Obod mahalla — obod ko‘cha — obod xonadon” tamoyili asosida ta’mirlangan, deb ma’lumot berilgan ba’zi xonadonlar ta’mirlanmagan bo‘lib chiqmoqda.

Joriy yilning 19 iyun holatiga ko‘ra, Surxondaryodagi mavjud 64 ming 890 ta ta’mirtalab xonadonning
12 ming 342 tasi yoki 19 foizi ta’mirlangani to‘g‘risida Respublika shtabiga ma’lumot berilgan. Biroq o‘rganishlar shuni ko‘rsatadiki, ro‘yxatda tilga olingan Qiziriq tumanidagi “Yangi kent”, Angor tumanidagi “Navbahor”, “Karvon”, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Paxta zavodi”, “Jarqo‘rg‘on minorasi” mahallalaridagi ta’mirtalab xonadonlarda hech qanday obodonlashtirish yumushlari bajarilmagan.

Poytaxtimizga eng yaqin hudud Toshkent viloyatidir. Markazda qabul qilinayotgan har qanday huquqiy hujjat samarasi, hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar ijrosi, avvalo, ayni viloyatda bo‘y ko‘rsatmog‘i kerak. Afsuski, Yangiyo‘l shahri hamda Yangiyo‘l, Chinoz, Quyi Chirchiq tumanlari mas’ullari, sektor rahbarlarining yuqorida keltirib o‘tilgan Harakatlar rejasida belgilangan vazifalardan hanuz to‘la xabardor emasligi, mahallalardagi ehtiyojmand va kambag‘al oilalarning ta’mirlanadigan xonadonlari ro‘yxati yetarli darajada shakllantirilmagani hafsalani pir qiladi.

Harakatlar rejasida belgilangan asosiy va muhim vazifalardan biri yoshlar, ayollar bandligini ta’minlash, aholi tadbirkorligini rivojlantirish, kambag‘al oilalarni kamaytirish bo‘yicha har bir mahallada aniq dastyrlar ishlab chiqish, uyma-uy yurib, mahallabay yordamga muhtoj oilalarni “O‘zini o‘zi band qilish” evaziga kambag‘allikdan chiqarishdir. Joylarda bu boradagi ishlar tizimli olib borilyapti, deb bo‘lmaydi. Keling, aniq misollarga murojaat qilaylik. Ayni paytda Namangan viloyati Chust tumani bo‘yicha 1 931 xonadon kambag‘al oila sifatida ro‘yxatga olingan, biroq hanuzgacha ularni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha biror aniq chora ko‘rilmagan.

Navoiy viloyatining Xatirchi, Konimex, Tomdi tumanlarida ham kambag‘allikka qarshi kurashish yo‘lida amalga oshirilgan ishlar talab darajasida emas. Toshkent viloyatining Chinoz, Ohangaron tumanlarida atigi ikki, Nurafshon shahri hamda Toshkent, Bekobod tumanlarida uch nafardan, Bo‘stonliqda besh, Oqqo‘rg‘onda olti nafar ishsiz aholining bandligi ta’minlangan. Yangiyo‘l shahrida esa hamon eski tos, eski hammom. Belgilangan birlamchi vazifalar ijrosi shunday ahvolda ekan, “Keksalar maslahati” guruhlari hamda “Buvijonlar maktabi” jamoatchilik kengashlari a’zolari va ijtimoiy faol keksalarni profilaktik hisobda turgan yoshlar, ehtiyojmand va kambag‘al oilalar farzandlariga kasb-hunar o‘rgatish uchun biriktirish, xonadonlarni obod va ko‘rkam qilishda keksalar maslahatidan foydalanish, homiylar va yoshlarni jalb etgan holda yakka-yolg‘iz keksalar xonadonlarida (tomorqalarida) hasharlar uyushtirish haqida gapirmasa ham bo‘ladi.

Yuqoridagi raqamlardan xulosa qilish mumkinki, aksariyat mutasaddilar ushbu harakat nima maqsadda olib borilayotganidan bexabar. Xabari bo‘lganlar ham “Bizdan ketguncha, egasiga yetguncha” qabilida ish tutayotgani achinarli. Bunday ko‘zbo‘yamachilikning kimga keragi bor? Xalq dardi, muammolari shu yo‘l bilan hal etiladimi? Ko‘mak so‘rab cho‘zilgan qo‘llarni quruq qoldirib, mazlum qalblar quchog‘ini puch yong‘oqqa to‘ldiramizmi? Yolg‘on hisobotlar, qo‘l uchida bajarilgan ishlar bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Buni nahotki anglash qiyin bo‘lsa?!

Maqsad va muddaomizdan “obod” degan pok so‘z o‘rin olar ekan, obodlikni, avvalo, o‘zimizdan — ko‘nglimizdan, vijdonimizdan boshlaylik.

Zebiniso HAYITOVA,
“Nuroniy” muxbiri

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: