Yerosti yo‘lagidagi ahvol hamon o‘sha-o‘sha…

Saytimizda “Pul nomusdan afzalmi” sarlavhali tanqidiy maqola chop etilgan edi. Unda “Qo‘yliq” dehqon bozori yonidagi yerosti yo‘lagida tilanchilik qilayotgan oqqo‘rg‘onlik ayol haqida so‘z yuritilgandi. Shundan so‘ng mahalla fuqarolar yig‘ini ko‘magida onaxonning muammolari bartaraf etilib, muammo ijobiy yechim topdi.

Mana, hap-pash deguncha, oradan salkam yarim yil o‘tdi. Yaqinda biz xuddi o‘sha yerdan o‘tayotib, yana bir ayanchli voqeaning guvohi bo‘ldik. Aniqrog‘i, yerosti yo‘lagida ikki yosh ayol norasida farzandlarini boqish ilinjida odamlardan xayr-sadaqa so‘rayotganini ko‘rdik.

Sal narida kuzatilgan holat esa yuraklarimizni battar tilka-pora qildi. Chunki zinapoyaning qoq o‘rtasiga cho‘kkalab olgan keksa otaxon bemajol qo‘llarini cho‘zgancha, baland ovozda yalinib-yolvorib sadaqa so‘rardi. Manziliga shoshayotgan, pandemiya avjiga chiqqaniga qaramay, ba’zilari niqob taqmagan, ayrimlari iyagiga tushirib olgan katta-kichik yo‘lovchilar qariyaga qiyo ham boqmay o‘tib ketishardi.

To‘g‘ri, birovga mehr-muruvvat ko‘rsatish-ko‘rsatmaslik, tilanchilarga pul yoki boshqa narsa berish-bermaslik har kimning o‘z ishi. Biroq bizni boshqa bir narsa qattiq taajjubga soladi. Xo‘sh, bu juvonlarni va otaxonni kimlar bu ko‘yga soldi? Uchalasining tilanchilik qilishiga nimalar sabab bo‘ldi? Nahotki, ularning hozirgi hol-ahvolidan oila a’zolari va qarindoshlari, mahalladoshlari va profilaktika inspektorlari bexabar bo‘lishsa?!. Bu holat keksalari hurmat-e’tibor topayotgan, xotin-qizlari e’zozlanayotgan yurtimiz obro‘-e’tiboriga putr yetkazmaydimi?

Biz shunga o‘xshash savollarga aniqlik kiritish niyatida, avvalo, boyagi ayollar va otaxonning o‘zlariga yuzlandik. Ammo tayinli javob ololmadik, loaqal qayerda kimlar bilan qanday yashashlarini ham bilolmadik. Faqat yuzlarida allanechuk g‘amginlikni ko‘rib, yurak-yurakdan chuqur xo‘rsinganlarini eshitdik.

O‘rni kelganida yana bir masalaga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Bunday voqealar ro‘y berayotgan ushbu yerosti yo‘lagining zinapoyalari yaqinda ta’mirlangandi. Biroq o‘zlarini kichik tadbirkor hisoblovchi ayrim kishilarning shu yerda noqonuniy savdo-sotiq bilan shug‘ullanishlari tufayli, qachon qaramang, u tirband va g‘ala-g‘ovurga to‘la bo‘ladi. Ustiga-ustak, oyoq ostida pista po‘choqlari, saqich qog‘ozlari, sigareta qoldiqlari sochilib yotadi. Nega bunaqa? Yoki bu yo‘lakdagi xatti-harakatlar va tartib-intizomni nazorat qiladiganlar, tozalik va saranjom-sarishtalikni ta’minlaydiganlar yo‘qmi? Bo‘lsalar, qayoqqa qarayaptilar, nega o‘z vazifalarini sidqidildan ado etmayaptilar? Axir, “Nazoratga olindi”, “Bajaramiz” qabilidagi quruq va’dalar bilan o‘sha yerdagi vaziyat o‘z-o‘zidan ijobiy tomonga o‘zgarib qolmaydi-ku.

Bunga mutasaddilar qanday javob berisharkin?..

Nigora O‘ROLOVA

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: