Yetti savolga yetti javob

Fan­ – texnika rivoji barcha sohalarga kirib ulgurdi. Bugun kaftday telefonimizda ham olam­olam ma’lumotlarni saqlashimiz mumkin. Xususan, diniy­ma’rifiy ilovalarni ham. Ana shu ilovalardan foydalanish jarayonida yuzaga kelayotgan savollarni to‘plab, javob topishga harakat qildik.

Savollarimizga Angren shahridagi “Obliq” jom’ye masjidi imom­hatibi Husniddinxon Sharofxo‘jayev javob berdi.

− Domla mobil telefonlardagi Qur’oni Karim va diniy-ma’rifiy kitob ilovalarini o‘qish uchun tahorat kerakmi? Ularni telefonda saqlash tartibi qanday?

− Tahoratsiz odam Qur’onga qaramasdan yoddan o‘qisa ham durust bo‘ladi. Qu’roni Karimni qo‘l bilan ushlamoqchi bo‘lsa, tahoratli bo‘lish kerak. Alloh taolo bu haqda Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi: “Uni faqat poklanganlargina ushlaydi” (Voqea surasi, 79-oyat)

Diniy-marifiy kitoblar ilovalarni ham telefonda saqlash mumkin. Bu ham bir qulaylik va biz mo‘min musulmonlarga o‘z manfaatimiz uchun bir imkondir.

− Mobil ilova orqali aytilayotgan azonni tugamasidan o‘chirib qo‘yish mumkin emasmi?

− Bugungi kunda alhamdulillah masjidlarimizda 5 bor namoz vaqtida ovoz kuchaytirgichlarda azon yangraydi. Mobil telefonlarimizda ham namoz vaqti kirganda azon aytuvchi maxsus ilovalar bor. Agar kishi jamoat joyda, masjidda, yig‘inda, majlisda bo‘lsa, mobil telefonini ovozini o‘chirib qo‘yishi lozim. Agar unutgan bo‘lsa-yu, namoz vaqti kirib telefonidan azon ovozi yangrasa jamoat joyda bo‘lganligi uchun uni o‘chiradi. Agar o‘zi yolg‘iz, bemalol holatda bo‘lsa, oxirigacha eshitgani yaxshi.

− Azon ilovasida Madina, Turkiya azonlari deb yozib qo‘yiladi. Ularning farqi nimada?

− Bu Madinada boshqa, Turkiyada boshqa azon aytiladi degani emas. Azon o‘sha 1400 yil avval Payg‘ambarimiz (s.a.v) davrlarida joriy qilingan. Madinada ham, Turkiyada ham aytiladigan azon so‘zlari bir xil. Faqat aytilishida, ohangida farq bor, xolos.

− Ijtimoiy tarmoq profillariga Ka’ba hamda Payg‘ambar masjidi suratlari, oyat va hadislar joylash urf bo‘lmoqda. Ularning hukmi qanday?

− Umar ibn Hattob roziyallohu anhu “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitdim” deb, quyidagi hadisni rivoyat qiladilar: “Amallar niyatlarga ko‘radir”.

Demak, amallar niyatlarga bog‘liq ekan. Har bir kishiga niyat qilgan narsasigina nasib bo‘ladi, ibodatda ham, boshqa amallarda ham xuddi shunday.

− Telegram messenjeri orqali tez-tez “Ushbu xabarni 10 yoki 15 ta odamga yuborsangiz baxt keladi. Yo‘qsa, falokatga uchraysiz!” kabi xabarlar tarqalib qoladi. Bu holatga qanday munosabat bildirish kerak?

− Bu xabarlar quruq safsata. Bunday bema’ni ishlar bilan odamlarning vaqtlarini olmaslik kerak. Avvalo, e’tiqodimizni to‘g‘irlashimiz kerak. Birgina SMSni 10-15ta odamga jo‘natib, odam baxtli yoki baxtsiz bo‘lib qolmaydi.

Ba’zi bir xabarlar keladi. Ularda “Agar onangizni yaxshi ko‘rsangiz mana shu SMSni 15 ta odamga yuboring, onangizni sog‘lig‘i uchun, xursand bo‘lishi uchun” degan kulgili jumlalarni ham ko‘rib qolamiz. Onasini yaxshi ko‘rganini shu SMS bilan isbotlaydimi? Bundan ko‘ra onasining aytgan vazifalarini qilib, odobli farzand bo‘lsa, onasi xursand bo‘ladi. Bir bekorchi jo‘natgan SMSni boshqalarga jo‘natish bilan ahmoqgarchilikni davom ettirmaylik.

− Ijtimoiy tarmoqlar orqali axloqsiz audio, video va fotolarni ko‘rish ham gunohmi?

− Ijtimoiy tarmoqlarda behayo videolarni ko‘rgan va audiolarni eshitgan inson qattiq gunohkor bo‘ladi. Fahsh aks ettirilgan videoni ko‘rishlik bu nazar zinosi (ko‘z zinosi) bo‘ladi. Nazar zinosi bu − ishvakor, hirsmand, shahvad hissi bilan nazar tashlashda o‘z ifodasini topadi. Hozirgi kunda xarom, fahsh yo‘llar bilan boylik orttirish ilinjida bo‘lgan kimsalar bu yo‘lda oynai jahon va ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanishayotgani ayanchli hol. Behayo audiolarni eshitish esa eshitish zinosidir. Eshitish zinosi − behayo suhbatlarga quloq tutish bilan yuzaga keladi.

Alloh taolo bandalarini zinoga yaqinlashishdan va zinoga sabab bo‘ladigan ishlardan qaytarib shunday deydi: “Zinoga yaqinlashmanglar! Chunki bu buzuqlikdir va eng yomon yo‘ldir” (Al-Isro surasi, 32).

− Ijtimoiy tarmoqlardagi qonuniy va ishonchli faoliyat yuritayotgan diniy-ma’rifiy sayt va kanallardan qaysilarini kuzatib borishni maslahat berasiz?

− Bugungi kunda Musulmonlar idorasi tasarrufidagi saytlar juda ham ko‘p. Har bir viloyat vakilliklari o‘z saytlariga ega. Bulardan Muslim.uz O‘zbekiston Musulmonlar idorasining rasmiy sayti. Fitrat.uz Toshkent viloyat vakilligining rasmiy sayti, Islom.uz saytlari ishonchli va yurtdoshlarimiz ulardagi manbalardan bemalol foydalanishlari mumkin.

Shuning bilan birgalikda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining kitoblardan ham foydalanish joiz.

− Vaqt ajratib yoshlarimizni qiziqtirgan savollarga ishonchli javoblar berganingiz uchun tashakkur. Muxlislarimizga dil so‘zlaringiz bo‘lsa marhamat…

− Bugungi kunda mamlakatimizda diniy islohotlar juda keng miqyosda amalga oshirilmoqda. Vatandoshlarimizga, yoshlarimizga shuni aytishimiz kerakki, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zlariga nom tanlab bo‘lib bu masala bunday bo‘ladi, bunisi bunday deb, olimlarning ishlarini, ular ijmo qilgan fatvolarni botil qilishga harakat qilayotgan ba’zi bir adashgan kimsalarning so‘zlariga emas, balki jild­jild kitoblar yozgan, sof islom dinini o‘rgangan olimlarga ergashishlarini tavsiya etaman. Telegram messenjerlarida keladigan ishonchsiz manbalarni o‘qib dunyoqarashlari o‘zgarib, bu bunday bo‘larkan, deb birgina noto‘g‘ri ma’lumotni bilib olib, jamoat joylarda ihtiloflar keltirib chiqarishdan tiyilsinlar. Balki olimlar, ilm ahillari yozgan kitoblardan va yuqorida zikr qilgan internet saytlaridan bilib, ularga amal qilib, Alloh taolo oldida ajru savoblarga ega bo‘lsinlar.

Otabek Bakirov suhbatlashdi

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: