Yodgor Sa’diyev

Nima uchun mashhur?

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi. «Shaytanat» filmidagi Asadbek roli ijrochisi. Bugun uning tug‘ilgan kuni.

Qanday mashhur bo‘lgan?

Yodgor Sa’diyev 1946 yil 12 iyunda Toshkentning Sebzor dahasida tug‘ilgan. Otasining vafotidan ikki oy o‘tib dunyoga kelgani bois ismini Yodgor qo‘yishgan. Otasi — mashhur artist Habib Sa’diyev urush yillari hayotdan ko‘z yumgan. Bo‘lajak artist dastlab qurilish texnikumida o‘qigan. 1964 yili esa uni «Paxtakor» futbol jamoasiga ishga taklif qilishadi. U jamoadagi birinchi darvozabon bo‘lgan. 1971 yilda Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomchilik san’ati institutini tugatadi. 1968 yildan hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatrida ishlay boshlaydi. Uning sahnadagi ilk obrazi «Mirzo Ulug‘bek» spektaklidagi Frantsiya elchisi rolidir. U O‘zbekiston xalq artisti To‘ti Yusupovani ustozi deb biladi. 1983 yil «Ro‘yo» spektaklidagi Filipp roli uchun «Yilning eng yaxshi erkak roli» unvonini oladi. 1998 yildan buyon «Qalqon» studiyasining badiiy rahbari bo‘lib kelmoqda. Mazkur studiyada suratga olingan «Shaytanat» videofilmida bosh rolni ijro etish bilan birga 7-qismdan 20-qismgacha rejissyorlik ham qilgan. Bu filmda uning akasi Xayrulla Sa’diyev va nabirasi Jahongir Sa’diyev ham rol ijro etishgan. 2000 yil «Shaytanat»ning 12 ta qismi ekran yuzini ko‘rgach, og‘zaki ravishda taqiqqa uchraydi. Oradan 20 yil o‘tib esa filmning keyingi qismlari (21-qismdan tashqari) namoyish etildi. Dublyajda esa Yodgor Sa’diyev 700 ga yaqin filmlarga ovoz bergan. Yodgor Sa’diyevning rafiqasi Zaylixon Sa’diyeva san’atshunos olima edi. U 2015 yil vafot etgan. Ularning ikki nafar farzandi bor: Habibullo va Munisxon.

Mashhur nima deydi?

«San’atda o‘zingni emas, o‘zingdagi san’atni sevgin».

«Men har doim bitta roldan so‘ng 3-4 yil tanaffus qilganman. Menimcha, san’atkor tomoshabin uchun biroz mavhum, sirli bo‘lishi kerak».

«Asadbekdan menga o‘tgan narsa shu ediki, menda suratga olish jarayonidan keyin ham ikki yil yo‘talish odati davom etdi».

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: