Yusuf Roziqov: «Har kim qo‘lidan kelgan hunarini pullaydi»

Rejissyor, stsenarist, postanovkachi-rassom va aktyor Yusuf Roziqov bugungi kino sanoati haqida:

Bilasizmi, hozir kinoprokat arang kun ko‘rayotir, o‘zi. Ehtimol, bora-bora ma’naviy hordiq chiqarish turlari orasida unga umuman o‘rin qolmas. Bugun internet har qanday did egasiga ermak topib berishni uddalayapti. Hozir kim kinoteatrga boradi? Asosan talabalar. Ular uchun kinozal – uchrashuv go‘shasi. Xo‘sh, buni inobatga olish kerakmi-yo‘qmi? Agarda siz kinobiznes bilan shug‘ullansangiz, tomoshabinning istak-mayli bilan hisoblashishga majbursiz: u qanday hayotda yashayapti, unga nima yetishmayapti… Buning uchun esa o‘zingizni ommadan yuqori – xos qatlam qatoriga qo‘ymasdan, xalqqa yaqinroq tutishingiz lozim. Bo‘lajak qahramonlarimiz aynan kinozalda o‘tirganini unutmaylik. AQShda yiliga 700-800 ta film suratga olinadi, bor-yo‘g‘i bir necha o‘ntasi “Oskar”ga da’vogarlik qiladi. Qolganlaridan ham har kim o‘ziga keragini oladi. Tomoshabinbop hamda mualliflik filmlari orasida muvozanat saqlanishi zarur. Masalaning ikkinchi tomoni ham bor… Havaskor rejissyorlar nom chiqarish ilinjida jahon kinosi darg‘alaridan nusxa ko‘chirishga urinadilar. O‘z xayollarida aqlli, elita asar ishlaydilar go‘yo. Aynan shunday kinomahsulotlar ham tomoshabinning siyqa syujetli, yengil-elpi filmlarni afzal ko‘rishiga sabab bo‘ladi.

Ko‘ngilochar film ishlash bilan kinodagi diletantizm – boshqa-boshqa tushunchalar. Havaskorlar jiddiy kartinadan ko‘ra ko‘ngilochar asar yaratishni oson deb o‘ylashadi, buning uchun alohida professional yondashuv shart emasdek tuyuladi. Ularning baxtiga, tomoshabin ham “xontaxta” filmlardan ortiqcha teranlik kutmaydi, siyqasi chiqqan mahsulotlarga ko‘nikadi. Keyin bunday tomoshabin diletantlarga go‘yoki professionallik mezoni bo‘lib qoladi. Tomoshabinning sayoz talabi va kinoda urchib borayotgan noprofessionalizm o‘zaro bog‘liq hodisa – ikki taraflama buzilishdan boshqa narsa emas. San’atkorda mas’uliyat, javobgarlik hissi bo‘lmog‘i darkor. Diletantda esa ana shu xislat yetishmaydi. Kino tilidan qo‘rqish, hayotni bilmaslik, zamon muammolarini tushunmaslik va filmlarning favqulodda darajada o‘xshashligi – diletantni tasniflovchi sifatlar! Agar titrni olib tashlasangiz, bunday filmlarni bir-biridan umuman farqlab bo‘lmaydi ham.

Bozorda odamlar o‘z mehnat mahsullarini ayirboshlaydi. Har kim qo‘lidan kelgan hunarini pullaydi. Eng yaxshisini sotuvga chiqaradi! Bozorni egallash ham hammaga emas. Yo‘ldosh A’zamov, Elyor Eshmuhammedov, Ali Hamroyev, Shuhrat Abbosov filmlarining hamon bozori chaqqon. Xalq hali ham sevib ko‘radi, shunga ma’naviy ehtiyoj sezadi. Muvaqqat rastani emas, chinakam bozorni zabt etishni ko‘zlagan ijodkor o‘sha ustozlardan qiziqarli, yorqin, odamlarga kerakli filmlar yaratishni o‘rganishlari kerak.

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: